Yangiliklar

Asakabank startap loyihalarni moliyalashtirish uchun $10 million venchur kompaniya ochadi

Farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi.

Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bu soha uchun davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. So‘nggi yetti yilda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 2 barobar oshgan, eksport 11 barobar ko‘paygan. 750 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar o‘sgan.

Mamlakatimizda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilmoqda, lekin bu talabni to‘la qoplay olmaydi.

Shu sababdan davlatimiz rahbari ko‘p turdagi dorilarni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Asaka bank va Farmatsevtika agentligiga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025-yilga qadar keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish va ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish dasturini tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan 400 million dollar qulay shartlarda yo‘naltiriladi.

Endi farmatsevtika sohasida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu jamg‘arma biopharmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kirib, ularga katalizator bo‘ladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Asaka bankka sohaga rivojlanish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ochilgan. Endi bu mablag‘ lizing uchun ham beriladi.

Asaka bank tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha xorijdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha mablag‘ni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.

Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 20 milliard so‘m grant ajratiladi. Bu olimlar yaratgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yil 1-yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi.

Mamlakatimiz korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar ishlab chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqotdan o‘tkazish va ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘p vaqt talab qiladi. Shu sabab bu tartibni soddalashtirish muhimligi aytildi.

Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari byudjetdan qoplab beriladi.

Mamlakatimizda o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanmoqda. Shunga muvofiq, Asaka bank ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta namunaviy loyiha bajariladi.

Umuman, farmatsevtika sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Bu loyihalar talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.

Muloqotda soha vakillari ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulotlar sifati va eksportini oshirish, ilm va ta’limni rag‘batlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

Bo'lishish