Yangiliklar

Medtech startapi: Alimetry oshqozon kasalliklarini aniqlash uchun kiyiladigan qurilmasi uchun $18 million investitsiya jalb qildi

Ichak salomatligi haqida ko’p gapirila bermaydi, ammo taxminan har 10 kishidan biri oziqlangandan keyin ko’ngil aynishi, shishish yoki qorin og‘rig‘i kabi alomatlardan aziyat chekadi. Aynan nima sababdan bu kabi oshqozon muammolari yuzaga kelayotganini aniqlash invaziv (ichkaridan tekshiruvchi) testlarsiz oson emas. Ammo Yangi Zelandiyalik Alimetry startapi oshqozon kasalliklarini tezroq aniqlash uchun kiyiladigan qurilmani ishlab chiqdi.

Mazkur noinvaziv qurilma (ya’ni, ichki aralashuvni talab qilmaydigan) elastik elektrodlardan iborat bo‘lib, bemorning qorin qismiga joylashtiriladi va ichak harakatlanishidan kelib chiqqan elektr signallarni aniqlaydi. Qurilma yig‘gan ma’lumotlar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, oshqozon-ichak tizimidagi muammolarni aniqlashga yordam beradigan klinik biomarkerlarga aylantiriladi.

Moliyalashtirish va Alimetry startapi muvaffaqiyatlari

Startap yaqinda A seriyali investitsiyaning ikkinchi qismini qabul qilib oldi — GD1 venchur kapital firmasi boshchiligida 18 million dollar. Bu, u 2021-yilda A seriyali dastlabki investitsiya orqali jalb qilgan taxminan 10 million dollarga qo‘shimcha sifatida kiritildi. Shuningdek, u 2019-yilda, tashkil etilgan yilida, boshlang‘ich investitsiya olgan edi.

“Bu yurak kabi, ichaklar ham tabiiy elektr toki yordamida harakatlanadi,” deydi asoschi va bosh direktor Dr. Greg O’Grady. “Ammo bu ritmlar juda zaif va yurakka nisbatan 100 baravar kuchsiz. Hozirgacha klinik darajada ularni aniq aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Ammo biz yangi texnologiyalar yordamida bu masalani hal qila oldik.

Ushbu qurilmadan foydalanish uchun bemor klinikaga keladi va uning oshqozon faolligidan boshlang‘ich ma’lumot olinadi. Shundan so‘ng, bemor o‘zida Alimetry qurilmasini taqqan holda yengil taom iste’mol qiladi va shu vaqtda oshqozon faoliyati haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yig‘iladi. Bemor o‘zi sezgan alomatlarni Alimetry ilovasi orqali qayd etib boradi.

Ushbu jarayon bir necha soat davom etadi va undan keyin qurilma yechilib, yig‘ilgan ma’lumotlar bemorning shifokoriga elektron shaklda yuboriladi.

Bozorni kengaytirish

Alimetry qurilmasi oshqozon-ichak nerv-mushak kasalliklari, sezgirlik kasalliklari va oshqozon-miya tizimi muammolarini tashxislashda shifokorlarga yordam beradi. “Shifoxonalar bilan yaqin aloqada bo‘lib, ularga qurilmamiz orqali xizmat ko‘rsatishni kengaytirmoqdamiz,” deydi O’Grady.

Alimetry AQSh bozorini o‘zining asosiy maqsadi sifatida tanlagan. Shu kungacha Alimetry yordamida taxminan 4 ming test o‘tkazilgan, ammo kompaniya kelgusida ko‘proq bemorlarga yordam berishni maqsad qilgan.

King’s College London gastroenterologiya professori Dr. Bu’ Hayee Alimetry haqida quyidagi fikrni bildirgan: “Bu kiyiladigan qurilma oshqozon kasalliklarini tashxislashda yondashuvimizni tubdan o‘zgartirmoqda va bu haqiqatdan hayajonli yutuq.”

Alimetry kompaniyasining oxirgi investitsiya bosqichida ishtirok etgan boshqa investorlar AGA Ventures, Icehouse Ventures va Olympus Innovation Ventures hisoblanadi.

👉 Manba

Bo'lishish