Yangiliklar

Robot miyasini yaratishga ixtisoslashgan Physical Intelligence startapi 400 million dollar investitsiya jalb qilib, qiymatini 2 milliard dollarga yetkazdi

Robotlar uchun “miya” yaratishga ixtisoslashgan Physical Intelligence startapi 2 milliard dollar baholanish bilan 400 million dollarlik investitsiya jalb qildi

Nyu-York Tayms xabariga ko‘ra, San-Fransiskoda joylashgan Physical Intelligence startapining so‘nggi investitsiya raundiga Jeff Bezos, Lux Capital va Thrive Capital boshchilik qilgan. Ushbu raundda shuningdek OpenAI, Redpoint Ventures va Bond kabi investitsiya fondlari ham ishtirok etdi.

Physical Intelligence mart oyida 70 million dollarlik seed investitsiya raundini o‘tkazib, kompaniya qiymatini 400 million dollarga yetkazgan edi. Endilikda kompaniya yanada kattaroq miqdordagi mablag‘ jalb qilgan holda, o‘z missiyasini davom ettirmoqda.

Ushbu startapning asosiy maqsadi sun’iy intellekt yordamida robotlarning ish faoliyatini yaxshilash va turli xil robot modellari uchun yagona dasturiy ta’minotni yaratishdir. Kompaniya o‘zining umumiy maqsadli “miya”sini ishlab chiqmoqchi, bu esa har bir robot uchun alohida dastur yaratish zaruratini yo‘q qiladi.

Physical Intelligence’ning asoschilaridan biri va bosh direktori Karol Hausman Nyu-York Taymsga bergan intervyusida shunday deydi: “Bizning maqsadimiz faqat biror maxsus robot uchun “miya” yaratish emas. Bu bir nechta robotlarni boshqarishga qodir umumiy maqsadli “miya” bo‘ladi.”

Katta sarmoyalar

Robototexnika va sun’iy intellektga asoslangan dasturiy ta’minot sohasida investorlar allaqachon katta sarmoyalar kiritishmoqda — ayniqsa Jeff Bezos.

Fevral oyida Kaliforniyaning Sunnyvale shahrida joylashgan Figure kompaniyasi xavfli ishlarni bajarishga qodir va mehnat taqchilligini yengillashtirishi umid qilinayotgan sun’iy intellekt asosidagi robotlarini ishlab chiqish uchun 675 million dollarlik investitsiya jalb qildi. Bu raundda Nvidia, Bezos Expeditions va boshqa sarmoyadorlar ishtirok etdi, kompaniya qiymati esa 2 milliard dollarga baholandi.

Iyul oyida Pitsburgda joylashgan Skild AI kompaniyasi ham har xil robotlar va turli vazifalar uchun moslashuvchan “miya” modellari ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. Coatue, Lightspeed Venture Partners, SoftBank Group va Bezos Expeditions’ning ishtirokida 300 million dollarlik Series A raundini o‘tkazib, kompaniya qiymatini 1,5 milliard dollarga yetkazdi.

Umuman olganda, joriy yil robototexnika startaplari uchun muvaffaqiyatli yildan biri bo‘ldi.

Bo'lishish