Startup

Startap gʻoyalarini qanday topish mumkin?

YC hamkori Jared Friedman startap gʻoyalarini topish bo‘yicha maslahatlari.

Salom, mening ismim Jared. Men YC’da hamkorman. Bugun startap g‘oyalarini qanday topish haqida gaplashmoqchiman. Ushbu nutq hali startap g‘oyasiga ega bo‘lmagan va uni topishni istagan har bir kishi uchun mo‘ljallangan. Agar sizda allaqachon biror g‘oya bo‘lsa, lekin unga sodiq qolishingizga ishonchingiz komil bo‘lmasa, bu ma’ruza siz uchun ham foydali bo‘ladi.

Bu murakkab mavzu, chunki startap g‘oyalari juda nozik bo‘ladi. Hech kim, hatto YC ham, qaysi g‘oyalar albatta muvaffaqiyat qozonishini aniq bilmaydi. Biroq, YC’da biz minglab startaplarning minglab g‘oyalar bilan harakat qilganini ko‘rdik va shundan ma’lum bir kuchli statistik tendensiyalarni o‘rgandik. Ayrim turdagi g‘oyalar va ularni yaratishning muayyan usullari boshqalarga qaraganda ancha muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoliga ega. Shuning uchun, mening maqsadim sizni muvaffaqiyat ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirishdir.

Bu qanday ishlashini tushuntirib beraman. Avvalambor, men startap g‘oyalarini o‘ylab topishda asoschilar tomonidan eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar haqida gaplashaman. Keyin, startap g‘oyalarini qanday baholash kerakligini tushuntiraman, keyin startap g‘oyalarini yaratish bo‘yicha usullar haqida gapiraman.

Birinchi va eng keng tarqalgan xato – ish boshlash uchun albatta ajoyib g‘oya kerak deb o‘ylash. Odatda, bu shunday ko‘rinadi: kimdir muvaffaqiyatli startap yaratishning kaliti — dahiyona g‘oya bilan boshlash deb hisoblaydi. Shuning uchun ular faqat ajoyib g‘oya kelishini kutib, hech narsa boshlashmaydi. Bugungi kunda Google yoki Facebook kabi muvaffaqiyatli kompaniyalarga qarasak, “Voy, bu juda zo‘r g‘oya bo‘lgan!” deb o‘ylash juda oson. Lekin men sizga aytishim mumkinki, bu faqat ortga qarab baholaganingizda shunday ko‘rinadi. Google ish boshlaganida, u taxminan 20-izlash tizimi edi. Facebook esa, taxminan 20-ijtimoiy tarmoq edi. Ularni muvaffaqiyatli qilgan narsa dastlabki dahiyona g‘oya emas, balki yetarlicha yaxshi g‘oya va mukammal ijro bo‘lgan.

Keyingi xato esa aynan buning teskarisi: birinchi kelgan g‘oyaga sho‘ng‘ish va uning yaxshi g‘oya ekanligini tanqidiy baholash uchun to‘xtamaslik. Va bu qanchalik keng tarqalganini ko‘rib hayratga tushasiz. Masala shundaki, agar startapingiz muvaffaqiyatli bo‘lsa, siz unga hayotingizning bir necha yilini bag‘ishlaysiz. Agar siz biror narsaga yillar davomida vaqt sarflashni rejalashtirsangiz, avvaliga kamida bir necha hafta sarflab, nimani tanlash kerakligini aniqlab olish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Ajablanarlisi shundaki, juda kam asoschilar buni qilishadi. Shuning uchun, agar siz buni qilsangiz, allaqachon boshqalardan bir qadam oldindasiz.

Men shuni ta’kidlamoqchiman: agar siz bir uchida “birinchi kelgan g‘oyani sinash” va ikkinchi uchida “mukammal g‘oyani kutish” joylashgan spektrni tasavvur qilsangiz, siz aynan o‘rtada bo‘lishingiz kerak. Dastlabki g‘oyangizni yaxshi boshlang‘ich nuqta deb qabul qiling.

Startap g‘oyalari vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi. Masalan, Airbnb’ni olaylik. U dastlab boshqa odamlarning uylarida matraslarini ijaraga berish uchun mo‘ljallangan sayt edi. Keyinchalik, u butun ta’til uylari ijarasini qamrab oldi. Shunday ekan, qilishingiz kerak bo‘lgan narsa — yaxshi boshlang‘ich nuqtani tanlash. Agar boshlang‘ich nuqtangiz yaxshi bo‘lsa, dastlabki g‘oyangiz mukammal bo‘lmasa ham, uni ajoyib g‘oyaga aylantirish uchun ozgina o‘zgartirish kifoya. Aksincha, agar siz noto‘g‘ri boshlang‘ich nuqtani tanlasangiz, yaxshi g‘oyaga aylanish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Bunday holda, siz butunlay yangidan boshlashingizga to‘g‘ri keladi.

Uchinchi xatolik – yechimdan boshlash, muammodan emas. Keling, misol keltiramiz. Tasavvur qiling, sizda shunday startap g‘oya bor: “Santexniklar uchun Uber”. Ya’ni, ilova – tugmani bosasiz, va santexnik yetib keladi. Bu nima? Bu yechim. Lekin qanday muammoni hal qiladi? Bilmaymiz. Balki santexnik topish qiyin. Bu real muammo bo‘lishi mumkin, lekin men aytmoqchi bo‘lgan narsa – agar siz bunday g‘oya bilan chiqayotgan bo‘lsangiz, avval muammoni aniqlamagan holda yechim yaratmoqdasiz.

YCda buni juda ko‘p ko‘rganimiz uchun bunga alohida nom berganmiz: “Muammoga ehtiyoj sezayotgan yechim” (Solution In Search of a Problem – SISP). Bunday startaplar odatda muvaffaqiyat qozonmaydi, chunki ko‘pincha ular haqiqiy muammoga mos kelmaydi. Siz ancha yaxshiroq natijaga erishasiz, agar avval muammoni aniqlab, keyin unga mos yechimni izlatsangiz.

Oxirgi xatolik – startap g‘oyalarini topish qiyin deb o‘ylash. Aslida esa, startap g‘oyalari topish oson, chunki dunyoda hali hal qilinmagan juda ko‘p real muammolar bor. Agar siz hali ham yaxshi g‘oya topolmayotgan bo‘lsangiz, demak, to‘g‘ri yo‘l bilan qidirmayapsiz. Lekin bir marta yaxshi startap g‘oyalarini qanday aniqlashni o‘rgansangiz, ularni hamma joyda ko‘ra boshlaysiz.

Startap g‘oyalarini baholash

Keling, endi startap g‘oyalarini baholash haqida gaplashamiz. Aslida, men sizga bu borada aniq formula beraman. Bu formulani mening hamkasbim Dalton ishlab chiqqan. Men bu formulani ushbu nutqqa moslashtirish uchun biroz o‘zgartirdim.

Bu juda oddiy. Siz g‘oyangizni to‘rtta mezon bo‘yicha baholaysiz va so‘ng natijalarning o‘rtacha qiymatini olasiz.

Birinchi mezon – bu g‘oya qanchalik katta bo‘lishi mumkin?
Buni baholashning eng yaxshi usuli – shu sohaga o‘xshash katta kompaniyalar bor-yo‘qligini ko‘rishdir. Masalan, agar siz yangi turdagi bank yaratmoqchi bo‘lsangiz, bu yaxshi belgi. Chunki banklar allaqachon mavjud va ular juda katta kompaniyalar.

Yana bir variant – bugungi kunda kichik bo‘lgan, lekin kelajakda ulkan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bozorni tanlash.
Bunga Coinbase misol bo‘la oladi. Coinbase – YC kompaniyasi bo‘lib, u kriptovalyutalarni sotib olish va sotish imkoniyatini beradi. 2012-yilda Coinbase tashkil etilganida, Bitcoin hali juda kichik bozor edi. Lekin o‘sha paytda ham ayrim odamlar “Bitcoin kelajakda barcha pullarni almashtirishi mumkin” deb hisoblashgan. Agar shunday bo‘lsa, bu ulkan bozor bo‘lib chiqadi. Shu sababli, Coinbase yaxshi startap g‘oyasi bo‘lgan.

Founder/market fit – bu startap asoschilari o‘zlari ishlayotgan sohada mutaxassis ekanligini anglatadi.

Bunga yaxshi misol Flexport kompaniyasi. Bu kompaniya butun dunyo bo‘ylab mahsulot import qilishni osonlashtiradi. Uning asoschisi Rayan startapni boshlashdan oldin xalqaro savdo sohasida 10 yil ishlagan va bu soha haqida juda ko‘p narsa bilardi. Bu esa 10 dan 10 bahoga loyiq founder/market fit misoli.

Keyingi mezon – siz katta muammoni hal qilayotganingizga qanchalik ishonchingiz komil?
Ideal holatda, siz bu muammonani shaxsan his qilgan bo‘lishingiz kerak. Agar o‘zingiz duch kelgan muammo bo‘lsa, demak siz uni yaxshiroq tushunasiz.

So’ngisi, sizning g‘oyangiz bo‘yicha yangi va muhim tushunchangiz bormi?
Bu yerda Airbnb misol bo‘lishi mumkin. Airbnb paydo bo‘lganda, aksariyat odamlar “Internetda tanishgan begona odamlarni kvartiramga kiritish xavfli va g‘alati bo‘lishi mumkin” deb o‘ylashgan.

Lekin Airbnb asoschilari buni shaxsan sinab ko‘rishgan – ular o‘z kvartiralarida begona odamlarni joylashtirishgan va bu juda qiziqarli tajriba bo‘lganini tushunishgan. Ya’ni, ular boshqalar noto‘g‘ri fikrda ekanligini tushunishgan, va shu narsa Airbnb-ni yaxshi startap g‘oyasiga aylantirgan.

G’oyangizning yaxshi ekanligiga ishora qiluvchi belgilar haqida aytsam:

1️⃣ Siz shaxsan o‘zingiz xohlaydigan narsani yaratmoqdasiz.
Muvaffaqiyatli kompaniyani boshlash ancha oson bo‘ladi, agar siz o‘zingiz xohlagan narsani qilsangiz. Chunki:

  • Kamida bitta foydalanuvchi bor – bu siz o‘zingiz.
  • Siz o‘z intuit siyangizga ishonishingiz mumkin. Agar siz boshqa odamlar uchun mahsulot yaratayotgan bo‘lsangiz, ular nimani xohlashini taxmin qilishingiz kerak bo‘ladi, bu esa noaniqlikni oshiradi.

2️⃣ Bu yaqinda imkoniyatga aylandi.
Dunyo o‘zgarishi bilan yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Agar yangi texnologiya yoki yangi mahsulot paydo bo‘lsa, bu ko‘pincha yangi biznes imkoniyatining belgisidir.

3️⃣ Shunga o‘xshash muvaffaqiyatli kompaniyalar allaqachon mavjud.
Agar dunyoning boshqa joylarida o‘xshash kompaniyalar ishlayotgan bo‘lsa, bu sizning g‘oyangizning potentsiali borligini anglatishi mumkin.

Bunga Rappi misol bo‘lishi mumkin.
Bu kompaniya Lotin Amerikasida oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Rappi paydo bo‘lishidan oldin, DoorDash kabi kompaniyalar boshqa bozorlarda allaqachon muvaffaqiyat qozongan edi. Lekin Lotin Amerikasida bu model hali keng tarqalmagan edi, shuning uchun Rappi bu bo‘shliqni to‘ldirdi va muvaffaqiyatli kompaniyaga aylandi.

Mening startap g‘oyalarini baholash bo‘yicha oxirgi mavzum – filtrlar haqida.

Filtrlar – startap g‘oyalarini noto‘g‘ri sabablar bilan rad etish.
Eng xavfli tomoni shundaki, siz o‘z eng yaxshi startap g‘oyalaringizni hatto anglamasdan turib rad qilishingiz mumkin.
Ko‘pchilikda ushbu filtrlar mavjud.
Agar siz yaxshi startap g‘oyalarini yaratishda muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lsangiz, bu filtrlarni tushunib, ularni o‘chirib qo‘yishni o‘rganishingiz kerak.

1️⃣ Qiyin boshlanadigan g‘oyalarni rad etish

Paul Graham bu haqda “Schlep Blindness” degan ajoyib maqola yozgan. Uni o‘qishni tavsiya qilaman.

Ushbu xatoga Stripe misol bo‘la oladi.
Stripe – YC kompaniyasi bo‘lib, u veb-saytlarga kredit karta to‘lovlarini integratsiya qilishni osonlashtiradi.

Stripe ishga tushganida:
– Minglab dasturchilar bu muammo borligini allaqachon bilishgan;
– Ular mavjud to‘lov tizimlari juda yomon ishlashini tushunishgan;
– Lekin hech kim bu muammoni hal qilishga harakat qilmagan.

Nima uchun?
Stripe’ni yaratish uchun quyidagi qiyin ishlarni qilish kerak edi:
Bank bilan shartnoma tuzish;
Dunyo miqyosidagi kredit karta infratuzilmasini o‘rganish;
Bu ishlar shunchalik murakkab bo‘lib tuyulganki, minglab potensial asoschilar bu g‘oyadan ongli yoki ongsiz ravishda chetga chiqishgan.

Stripe asoschilari esa shu qiyinchilikni engib o‘tishdi va bugungi kunda ulkan kompaniyaga aylandilar.

2️⃣ “Zerikarli” sohada bo‘lgan g‘oyalarni rad etish

Gusto kompaniyasini olaylik.
Gusto ish haqi hisob-kitobi dasturiy ta’minotini yaratgan.

Minglab dasturchilar ish haqi dasturlari juda yomon ishlashini bilishgan. Lekin bu muammo zerikarli ko‘ringani uchun hech kim uni hal qilishga urinmagan.

Natija: Gusto ushbu zerikarli muammoga e’tibor qaratdi va katta kompaniyaga aylandi.


3️⃣ “Haddan tashqari katta” ko‘ringan g‘oyalarni rad etish

Sam Altman bu haqida “Hard Startups” nomli ajoyib blog posti yozgan.

– Asoschilar juda katta va ambitsiyali g‘oyalardan qo‘rqishadi;
– Chunki bunday g‘oyalar judayam murakkab va imkonsizdek tuyuladi;
– Lekin aynan shunday g‘oyalar eng yirik kompaniyalarga aylanishi mumkin.


4️⃣ Mavjud raqobatchilar bo‘lgan bozorlardan qochish

Ko‘pchilik asoschilar raqobat kuchli bo‘lgan sohalardan qochishga harakat qiladi.
Lekin bu xato!

Agar bozorda hech qanday raqobatchi bo‘lmasa, ehtimol, bu g‘oya foydasizdir;
Yaxshi bozor – bu allaqachon mavjud raqobatchilarga ega bo‘lgan bozor;
– Muhimi – barcha raqobatchilar e’tibor bermagan narsani siz payqashingiz kerak.

Misol: Dropbox
Dropbox ishga tushganida:
Bozorda allaqachon o‘nlab fayl sinxronizatsiya xizmatlari bor edi;
– Lekin ularning hech biri ommaviy foydalanuvchilarga yoqmagan;
Dropbox shunchaki yaxshiroq mahsulot bilan chiqdi va butun bozorda g‘alaba qozondi.


Xulosa:
– Zerikarli tuyulgan bozorlarni rad etmang;
– Juda murakkab va katta bo‘lib tuyulgan g‘oyalardan qo‘rqmang!;
– Raqobat borligidan cho‘chimang, balki raqobatchilarning nimani o‘tkazib yuborganini tushunishga harakat qiling!

Startap g‘oyalarini yaratishning bir necha usullari bor. Ularni o‘tirib, ataylab o‘ylab topish ham mumkin, lekin bu eng yaxshi yo‘l emas. Eng yaxshi g‘oyalar organik tarzda paydo bo‘ladi. Agar ong tayyor bo‘lsa, atrofimizdagi muammolarni ko‘rish va ularga yechim topish osonlashadi. Ko‘pchilik odamlar startap g‘oyalarini sun’iy ravishda o‘ylashga harakat qilganda, odatda unchalik yaxshi natijalarga erisha olmaydi. Biroq, tabiiy ravishda paydo bo‘lgan startap g‘oyalari ko‘pincha samarali bo‘ladi.

Organik ravishda startap g‘oyalarini qanday topish mumkin? Agar hozir startap boshlashni rejalashtirmayotgan bo‘lsangiz, bu yondashuv aynan siz uchun mos keladi. Yaxshi startap g‘oyalari qanday bo‘lishini tushunish va ularga e’tibor berishni o‘rganish muhim. Shunchaki dunyoga diqqat bilan qarang va nimadir yetishmayotganini sezishga harakat qiling.

Agar uzoq kelajakda startap boshlashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, avvalo, muhim bir sohada mutaxassis bo‘lish juda foydali. Eng yaxshi yo‘llardan biri – istiqbolli sohalardan birida ishlashdir. Ayniqsa, boshqa startapda ishlash juda katta tajriba beradi. YC kompaniyalari orasida eng muvaffaqiyatli bo‘lganlarining aksariyati asoschilari boshqa startaplarga ishga kirgan va shu jarayonda muhim g‘oyalarni ilgari surganlar.

Shuning uchun startap g‘oyalarini sun’iy ravishda yaratishga harakat qilishning o‘rniga, ularni organik ravishda payqashni o‘rganish yaxshiroq strategiya bo‘lishi mumkin. Bu orqali haqiqiy muammolarni hal qiladigan va bozor talabiga javob beradigan mahsulot yoki xizmat yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Men sizga startap g‘oyalarini aniq ishlab chiqish uchun yetti xil usulni tushuntirib beraman. Ushbu yetti usulning barchasini ko‘rib chiqamiz, chunki bu men bilgan barcha samarali yondashuvlarni qamrab oladi. Har birining muvaffaqiyatli startapga olib kelgan misollarini bilaman, lekin ularning barchasi bir xil darajada samarali emas. Ba’zilari yaxshi g‘oyalar yaratish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi, boshqalari esa muammoga mos kelmaydigan yomon g‘oyalar, ya’ni oldin muammo emas, balki yechimni yaratish (Solution in Search of a Problem) natijasini berishi mumkin. Shuning uchun ularni eng samaralisidan boshlab, eng kam samaralisigacha sanab o‘taman.

Birinchi usul eng yaxshisi hisoblanadi. Bu usul orqali yaxshi g‘oya topish ehtimoli eng yuqori va noto‘g‘ri natijalarga olib kelish ehtimoli eng past. YC tomonidan moliyalashtirilgan eng muvaffaqiyatli kompaniyalarning taxminan yarmi aynan shu yondashuv orqali shakllangan. Uning mohiyati shundaki, siz jamoangiz aynan nimada kuchli ekanligini aniqlab, aynan shu ustunlikdan foydalangan holda startap g‘oyalari o‘ylab topasiz. Bu yondashuvning samaradorligi shundaki, bunda avtomatik ravishda asoschi va bozor orasidagi moslik (founder/market fit) shakllanadi. Ya’ni, siz jamoangiz tabiiy ravishda ustunlikka ega bo‘lgan sohada g‘oyalar yaratganingiz uchun ularning muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Keling, ushbu yondashuv qanday ishlashini ba’zi misollar orqali tushuntirib beraman. Birinchi qadam sifatida, ilgari ishlagan barcha kompaniyalaringizni eslab chiqing, hatto amaliyot o‘tagan joylaringizni ham qo‘shishingiz mumkin. Har bir kompaniya uchun quyidagi savollarni o‘zingizga bering:

  1. Bu yerda ishlagan paytingizda boshqalar bilmaydigan qanday bilimlarni oldingiz?
    Masalan, SnapDocs asoschisi Aaron 10 yil davomida ipoteka (mortgage) sanoatida ishlagan va bu sohaga doir hamma narsani chuqur o‘rganib chiqqan. Shu tajribasiga tayanib, u ipoteka hujjatlarini boshqarish uchun SnapDocs dasturini yaratdi.
  2. Ushbu kompaniyada nimalar yaxshi ishlamagani yoki qaysi jarayonlar samarasiz bo‘lgani sezildi?
    Masalan, Lattice kompaniyasining asoschilari birgalikda ishlagan kompaniyada ishlashgan va u yerdagi baholash jarayonining qanday qiyinligini tushunishgan. Shu tajriba ularga xodimlar baholash dasturi yaratish g‘oyasini berdi.
  3. Kompaniyangiz ichki ehtiyojlari uchun qanday vositalar yaratgan edi, va shu vositalarni boshqa kompaniyalar ham ishlatishi mumkinmi?
    Bunga misol sifatida Mixpanelni olish mumkin. Uning asoschisi Suhail avval Slide nomli kompaniyada ishlagan, u yerda jamoa uchun rivojlangan tahliliy vositalar yaratgan edi. Keyinchalik u shu vositalarni boshqa kompaniyalar ham xohlashini tushunib yetdi va Mixpanelni ishga tushirdi.

Ikkinchi usul — o‘zingiz xohlagan, lekin bozorda hali mavjud bo‘lmagan mahsulot yoki xizmatni yaratish. Agar biror muammoni hal qilish uchun boshqalar hali yechim yaratmaganini sezsangiz, bu ajoyib imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Masalan, DoorDash g‘oyasi shu tarzda paydo bo‘lgan. Uning asoschilari chekka hududda yashashar va Tailand oshxonasidan ovqat buyurtma qilishmoqchi edi, lekin bu hududda bunday xizmat yo‘qligini tushunishdi. Shunda ular ushbu muammoni hal qilish uchun DoorDashni yaratishga qaror qilishdi.

Uchinchi yondashuv — sizni 10 yil davomida ilhomlantira oladigan g‘oyani topish. Bu g‘oya muvaffaqiyatga erishmasa ham, ustida ishlash siz uchun qiziqarli bo‘lishi kerak. Qaysi mavzular sizni chin dildan qiziqtiradi?

Bu yondashuvning yaxshi misollaridan biri Boom kompaniyasi bo‘lishi mumkin. U supersonik samolyot ishlab chiqarmoqda. Uning asoschisi Bleyk ushbu g‘oyaga shunchaki shu savolni o‘ziga berish orqali kelgan. U aviaprom sohasida ishlamagan, samolyot qurish bo‘yicha ekspert ham bo‘lmagan, lekin supersonik parvoz g‘oyasiga shunchalik qiziqqan ediki, aynan shu sohada kompaniya ochishga qaror qilgan.

Biroq, bu yondashuv ba’zan asoschilarni noto‘g‘ri yo‘nalishga olib borishi mumkin. Chunki ular o‘zlari qattiq qiziqqan, lekin katta biznesga aylanishi qiyin bo‘lgan g‘oyalarga yopishib olishadi. Masalan, siz markalar to‘plashga qiziqishingiz mumkin, lekin bu biznes yaratish uchun unchalik ham jozibali yo‘nalish emas.

To‘rtinchi usul — dunyoda yaqinda yuz bergan o‘zgarishlarni kuzatish va ulardan foydalanib startap g‘oyalarini yaratish. Bu o‘zgarishlar yangi texnologiyalar, yangi dasturiy platformalar, yangi qonun-qoidalar yoki dunyoda paydo bo‘lgan yangi muammolar bo‘lishi mumkin. Oqimni kuzatib, qaysi to‘lqin ustida suzish mumkinligini aniqlash kerak.

Bunga ajoyib misol sifatida PlanGrid kompaniyasini olish mumkin. U qurilish chizmalarini qog‘ozdan elektron formatga o‘tkazdi va ularni planshetlar orqali ishlash imkoniyatini yaratdi. Ushbu startapning paydo bo‘lishiga Apple tomonidan iPadning ishlab chiqilishi sabab bo‘ldi. Ya’ni, texnologik o‘zgarish natijasida yangi imkoniyat ochildi.

Beshinchi yondashuv — yaqinda muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalarni o‘rganib, ularning yangi variantlarini topish. Bunga yaxshi misol sifatida Standard Cognition kompaniyasini keltirish mumkin.

Amazon yaqinda Amazon Go do‘konini ishga tushirdi. Ushbu do‘konda xaridorlar polkalardan mahsulotlarni olganida, tizim ularni avtomatik ravishda kuzatib boradi va kassa oldida to‘xtash shart emas. Standard Cognition shuni tushundi: har bir chakana savdo do‘koni xuddi shunday texnologiyani xohlashi mumkin. Shu sababli, ular Amazon Go tizimining umumiy bozordagi muqobilini yaratishga kirishdi.

Bu usul asoschilar orasida juda keng tarqalgan, lekin eng yaxshi yondashuvlardan biri deb bo‘lmaydi. Chunki bu yondashuv orqali olingan g‘oyalar ko‘pincha “Uber for X” yoki “Airbnb for Y” shaklida bo‘ladi. Bunday g‘oyalar ko‘pincha muammoga emas, balki yechimga qaratilgan bo‘ladi. Agar siz ushbu usuldan foydalansangiz, bu g‘oyaga ehtiyotkorlik bilan yondashing va u haqiqiy muammoga yechim bo‘layotganini jiddiy o‘ylab ko‘ring.

Oltinchi usul — atrofingizdagi odamlardan ularga qanday muammolar yechim topish kerakligini so‘rab, g‘oyalarni kraudsorsing(bu muayyan vazifa yoki muammoni hal qilish uchun katta jamoaning bilim va resurslaridan foydalanish usuli.) qilish. Bu ayniqsa qiziqarli sohalarda ishlaydigan yoki muayyan yo‘nalish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan odamlarga tegishli. Masalan, biror sohaga ixtisoslashgan mutaxassis bilan suhbatlashib, ularning ish jarayonida duch keladigan muammolarini bilib olish mumkin.

Bu usulning kamchiligi shundaki, ko‘pchilik odamlar startap g‘oyalarini ko‘rishni bilmaydi. Shu sababdan, agar siz bu strategiyadan foydalansangiz, startapchilar bilan muloqot qilishga harakat qiling. Ular allaqachon yaxshi startap g‘oyalarini qanday aniqlashni bilishadi va sizga haqiqiy muammolarga asoslangan tavsiyalar berishlari mumkin.

Startap g‘oyalarini yaratishning yettinchi usuli — bu noto‘g‘ri ishlayotgan sohalarni izlashdir. Agar biror soha juda samarasiz, eskirgan yoki mijozlar uchun noqulay bo‘lsa, demak, u o‘zgarishga muhtoj. Bu esa yangi startaplar uchun katta imkoniyat yaratadi.

Bunga misol qilib LendUp startapini keltirish mumkin. U an’anaviy mikroqarz tizimining o‘rnini bosish maqsadida yaratilgan. Uning asoschilari shunchaki ushbu soha muammolarini kuzatib, odamlarga yaxshiroq moliyaviy xizmat ko‘rsatish mumkinligini anglab yetishgan.

Biroq, bu usulning kamchiligi ham bor. Agar siz o‘zingiz tushunmaydigan sohada startap boshlashga harakat qilsangiz, bu sizga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun, agar siz ushbu usuldan foydalansangiz, o‘zingiz yaxshi biladigan sohalarga e’tibor qaratganingiz ma’qul.

Barchasi shu edi, rahmat!

Bo'lishish